YURTIMDA JISMONIY TARBIYA VA SPORT SOHASIDA YANGI DAVR
Қурбонов Ш.Э.
“ Men o‘zimdan so‘ng to‘rtta tabibni qoldirayapman.
Ular: quyosh, toza havo, suv va badan tarbiyadir”.
Abu Ali Ibn Sino.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qator islohotlar zamirida xalqning turmush tarzini yaxshilash, aholining barcha qatlamlarida ma’nan va jismonan sog‘lom muhitni yaratish, salomatlikni mustahkamlash g‘oyasi yotibdi. SHu bois ayni paytda jismoniy tarbiya va sportga e’tibor davlat ahamiyatiga molik muhim ijtimoiy-siyosiy vazifaga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi bilan bog‘liq mamlakat aholisining barcha qatlamlari, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga ega bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, mardlik, vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasida iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, umuman, jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi quvonarli hol, albatta.
- Mamlakatimizning turli hududlarida jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida sport o‘yinlarining tizimli tashkil etib borilayotgani o‘z samarasini bera boshladi.
- O‘zbekiston vakillarining Olimpiya o‘yinlari, Jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari hamda halqaro musobaqalarda qo‘llari baland kela boshladi. Sport nafaqat jismoniy va ma’naviy sog‘lomlik asosi, balki hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarni turli zararli yot g‘oya va odatlardan asrash, ularga o‘z qobiliyati va iste’dodlarini to‘la ruyobga chiqarish vositasi hamdir. SHu bois so‘nggi yillarda mamlakatimizda bu borada qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar imzolandi.
- 2017 yil 3 iyunda “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror, 2018 yil 5 martda “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning qabul qilinishi va mazkur farmonga ko‘ra Respublika Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasining vazirlikka aylantirilishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 29 yanvardagi “O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholini jismoniy va ommaviy sportga jalb etish to‘g‘risida”gi, 2019 yil 13 fevraldagi, “2019-2023 yillar davrida O‘zbekistonda jismoniy va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlarining qabul qilinishi O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.
- Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, jismoniy tarbiya bolani hayotga tayyorlaydi. Jismoniy tarbiyaning barcha sanab o‘tilgan vazifalari yaxlitlikda hal etiladi. Jismoniy mashqlar orqali asosiy jismoniy sifatlar va qobiliyatlar rivojlanadi, sog‘liq mustahkamlanadi, organizmning funksional imkoniyatlari kengayadi, harakatlanish madaniyati shakllanadi, jismoniy tarbiya- sog‘lomlashtirish va sport-sog‘lomlashtirish faoliyatiga nisbatan qat’iy qiziqish va ijobiy emotsinal – qadriyat sifatidagi munosabat tarbiyalanadi, jismoniy tarbiya va sport, ularning tarixi va zamonaviy rivojlanishi, sog‘lom turmush tarzidagi ahamiyati to‘g‘risidagi bilimlar egallanadi.