Informatika-9
Web-sahifalar tashkil etish texnologiyasiga bog’liq holda,
asosan, 3 turga bo’linadi:
Statik web-sahifalar – bu HTML tilida yozilgan .html yoki .htm kengaytmali matn, jadval, rasm kabi elementlarni o’z ichiga olgan tayyor holda serverda saqlanayotgan o’zgarmas fayllardir.
Dinamik web-sahifalar – bu foydalanuvchi so’rovini bajarish jarayonida hosil qilingan o’zgaruvchan web-sahifalardir. Bu web-sahifalar PHP, ASP, DHTML va shu kabi dasturlar yordamida hosil qilinib, kengaytmasi, mos ravishda, .php, .aspx bo’ladi. Dinamik web-sahifalar foydalanuvchi so’roviga binoan serverda saqlanayotgan ma’lumotlar omboridagi ma’lumotlar asosida tashkil etiladi.
Interaktiv web-sahifalar. Avvalgi darslarda web-sahifadagi formadan so’rovlar o’tkazish, web-server va mijoz o’rtasida muloqot o’tkazish yoki berilgan ro’yxatdan kerakli hujjatni tanlash maqsadida qo’llanilishi haqida ma’lumot bergan edik, masalan, web-sahifaning reytingini aniqlash, biror korxona maxsulotlari haqidagi fikrlarni jamlash, Internet orqali tanishish. Hozirgi kunda chat deb ataluvchi mijozlar orasida muloqot qilishni ta’minlovchi web-sahifalar ham bor. Muloqot qilish imkonini beruvchi barcha web-sahifalar interaktiv web-sahifalar deb ataladi.
statik
dinamik
interaktiv
Interaktiv web-sahifalarni ishlab chiqishning tartib-qoidalari mavjud bo’lib, ulardan asosiylarini sanab o’tamiz:
1. Web-sahifaning deyarli barcha qismi server dasturlari yordamida generatsiya (hosil) qilinadi va qayta ishlanadi. Misol sifatida biror web-sayt ichida (mail.ru yoki inbox.uz saytlarida) bepul elektron pochta ochishni ko’rsatish mumkin. Bu sahifalarda barcha ma’lumotlar server dasturlari tomonidan qayta ishlanadi: ma’lumotlar kiritish va ularni to’liqligini tekshirish; nom kiritish va uni “bo’sh” ekanligini tekshirish, tanlash uchun nomlar tavsiya etish; parol (mahfiy so’z) tanlash u bilan bog’liq amallar bajarish; birinchi marta ochilganda va tug’ilgan kunlarda tabriknomalar yuborish; va hokazo.
2. Web-sahifalar generatsiyasi uchun barcha ma’lumotlar tayyor ma’lumotlar omboridan olinadi. Ma’lumotlar omborlari maxsus kompyuterlarda turli ko’rinishlarda saqlanadi. Misol qilib, maktabingiz server kompyuterida o’rnatilgan elektron darslikni olish mumkin. Bu kabi darsliklarda web-sahifa ko’rinishida tashkil etilgan test ilovalari mavjud bo’lib, undagi test savollari avvaldan test omboriga joylashtirilgan bo’ladi.
3. Ko’pincha web-sahifaga ruxsatni cheklashlardan foydalaniladi. Bu cheklashlar turli mijozlar uchun turlicha bo’lishi mumkin. Oddiy mijozlar web-sahifani faqat ko’rib chiqish, boshqalari esa o’zgartirishlar kiritish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Masalan, elektron darsliklar misolida administrator, o’qituvchi va o’quvchi turli imkoniyatli web-sahifaga tashrif buyuruvchi hisoblanadi.
4. Web-sahifaga ruxsatni cheklashlardan foydalanilsa, u holda web-sahifa kirish imkoniyatini (inglizcha – logon) ko’zda tutgan bo’ladi. Albatta, har bir logon parol bilan birga ishlatiladi. Agar web-sahifaga tashrif buyurayotgan mijozda kirish logini va paroli bo’lmasa, web-sahifa registratsiyadan (ro’yxatdan) o’tishni tavsiya etadi.
5. Web-sahifaga ruxsatni cheklashlardan foydalanilsa, u holda web-sahifa registratsiyadan (ro’yxatdan) o’tish imkoniyatini ko’zda tutgan bo’lishi shart. Agar web-sahifa ommabop bo’lsa (internet-magazin yoki elektron pochta xizmati kabi), barcha tashrifchilar alohida web-sahifa ko’rinishida tashkil etilgan ro’yxatdan o’tkazish sahifasida ro’yxatdan o’tadilar. Agar yopiq web-sahifa bo’lsa, u holda registratsiya uchun administratorga murojaat qilinadi.
6. Web-sahifaga ruxsatni cheklashlardan foydalanilsa, u holda web-sahifa chiqish imkoniyatini ko’zda tutgan bo’ladi. Bu holda server dastur tashrifchisini “esdan” chiqaradi, ya’ni tashrifchini saytga kirganidagi foydalanilgan ma’lumotlar ro’yxatini, bog’lanishlarni, login va parolini o’chiradi.
7 . Ommabop qidiruv tizimlari ruxsatni cheklashni ko’zda tutmaydi.
Quyida interaktiv web-sahifa ko’rinishida tashkil etilgan
himoyalanmagan test o’tkazish sahifasiga o`tish